
Har bir kitobning tarjima huquqi olinadimi?
Ha, albatta. 1971-yil 24-iyulda qabul qilingan Adabiy va san’at asarlarini muhofaza qilish to‘g‘risida Bern konvensiyasi (1979-yil 28-sentyabrda o‘zgartish kiritilgan, Parij hujjati) 7-moddasiga ko‘ra, mualliflik huquqining muhofaza muddati muallifning butun hayoti va uning vafotidan keyin 50 yil davomida saqlanadi. https://www.unido.org/sites/default/files/2014-04/Berne_Convention_for_the_Protection_of_Literary_and_Artistic_Works_28.09.1979_0.pdf Asarning tarjima huquqi ushbu muddatdan kelib chiqib xarid qilinadi. Tarjima huquqi olinmagan kitoblar nashrga tayyorlanmaydi.
Loyihaning kitobxonlikni targ‘ib qiluvchi boshqa loyihalardan farqi nimada?
Loyihaning bosh maqsadi kitobxonlikni targ‘ib qilish emas, balki o‘zbek tilida yoshlarning intellektual va ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan kontentlarni ko‘paytirishdan iborat. Maqsadli auditoriya ham yoshlar (14-30 yosh) – maktab o‘quvchilari, kollej va litsey, oliy ta’lim muassalari talabalari. Shundan kelib chiqib, loyihada yoshlarga fan tarmoqlari bo‘yicha xalqaro tajribalar ulashiladi, ta’lim muassasalari o‘quv jarayonlari sifatli ilmiy manbalar bilan boyitiladi.
Asosan qaysi yo‘nalishlardagi kitoblar chop etiladi?
Loyiha keng qamrovli. Bunda imkonqadar barcha yo‘nalishdagi kitoblarni tarjima qilish nazarda tutilgan. Xususan, dastlabki bosqichda jahonga mashhur 50 nomdagi ilmiy-ommabop kitoblar, talabalar uchun darsliklar, qo‘llanmalarni nashrga tayyorlash va chop etish mo‘ljallangan. Loyihadagi 1000 raqami aynan ming kitobni anglatmaydi, ya’ni nashrga tayyorlanadigan kitoblar qamrovi ehtiyojdan kelib chiqib bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin.
Oldin chop etilgan nashrlar yana chiqariladimi?
Yo‘q. Loyiha doirasida ilgari o‘zbek tiliga o‘girilmagan asarlar tarjima qilinib, chop etiladi.
Tarjima uchun kitoblar qanday mezonlar asosida tanlanadi, kimlar tanlaydi?
Tarjima uchun kitoblarni tanlashda quyidagilar o‘rganib chiqiladi: muallif shaxsining xalqaro maydonda tutgan o‘rni; kitobni chop etgan nashriyot mavqei; kitobning dolzarbligi va ta’limiy ahamiyati; kitob haqida mutaxassislar munosabati; kitobning maqsadli auditoriyasi; kitobning yoshlar intellektual va ilmiy salohiyatini oshirishdagi o‘rni. Ushbu mezonlar doirasida kitoblarni bevosita ilm-fan, madaniyat, san’at, adabiyot va boshqa sohalarda tajribali va yetakchi olimlardan iborat tarkibda tuzilgan Ekspertlar kengashi atroflicha o‘rganib chiqadi. Kitoblar ro‘yxati shu asosda shakllantiriladi. Loyihada xususiy nashriyotlar chop etib foyda olishi imkonsiz bo‘lgan, biroq muayyan soha uchun fundamental asos bo‘lib xizmat qiluvchi kitoblar tanlab olinadi (odatda, bunday nashrlarning mualliflik huquqi arzon emas, tarjima tili va uslubi murakkab, chop etish xarajatlari va shunga mos ravishda narxi ham qimmat bo‘ladi).
Til biladigan barcha ham loyihada ishtirok etishi mumkinmi, qanday talablar bor?
Loyiha qatnashchilaridan albatta yuqori darajada til bilish talab etiladi, biroq bu – til biladigan hamma ham loyihada ishtirok etishi mumkinligini anglatmaydi. Loyiha doirasidagi asarlarni tarjima qilishni istaganlar avvalo o‘zbek tilini yaxshi bilishi, tarjima bobida muayyan (kamida 3 yillik) ko‘nikmalarga ega bo‘lishi, ilmiy-ommabop matnlar bilan ishlashda tegishli sohani chuqur tushunishi talab etiladi. Loyihada tarjima ishlari faqat tarjimon va muharrir ishtirokida emas, balki sohani tushunadigan va til biladigan mutaxassislarni jalb qilgan holda amalga oshirilishi ham mumkin.
Tarjimonlar qanday saralanadi?
Tarjimonlar asar yozilgan til va sohani tushunish darajasiga qarab, fikrini o‘zbek tilida asliyatga muvofiq yetkazib bera olishiga ko‘ra saralanadi. Shunga asosan, tarjimonlar: muallif uslubini saqlab qolishi, asarni stilistik va ma’noviy jihatdan to‘liq asliyatga muvofiq o‘girishi; kitobning hech bir qismini tarjimadan tushirib qoldirmasligi; tarjima qilinayotgan asardagi ma’lumotlar noto‘g‘ri yoki buzib talqin qilinishining oldini olish uchun tafsilotlarga e’tiborli bo‘lishi, asl matnda bo‘lmagan ma’noni qo‘shib ifodalamasligi; sohalar bo‘yicha atamalar va iboralarning ma’nolarini hisobga olgan holda izchil o‘girishi; asarni tarjima qilishda Google tarjimon, ChatGPT va shu kabi sun’iy intellektga asoslangan vositalardan foydalanmasligi; asarni belgilangan muddatdan kechiktirmay tarjima qilishi shart.
Tarjimonga haq qanday belgilanadi?
Tarjimonga quyidagi mezonlardan kelib chiqib haq to‘lanadi: tarjima ishidagi tajribasi (kamida 3 yillik); tegishli soha mutaxassisi ekani va til bilishi; tarjima qilinayotgan kitob tilining murakkablik darajasiga ko‘ra. Tarjima haqi miqdori har A4 formatdagi bir bet (1 800 belgi) uchun tarjima sifatiga qarab belgilanadi.
Ro‘yxat bilan qayerda batafsil tanishish mumkin?
Kitoblar ro‘yxati ularning tarjima huquqlari xarid qilib bo‘lingach, loyihaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari hamda rasmiy veb-saytida e’lon qilib boriladi.
Har yili nechta kitob nashrga tayyorlanadi?
Loyihaning dastlabki bosqichida jahonda mashhur 50 nomdagi kitobni tarjima qilish, nashrga tayyorlash va chop etish choralarini ko‘rish belgilangan. Nechta kitob chop etilishi uning hajmi, murakkablik darajasidan kelib chiqib har yili turli sonda bo‘lishi mumkin.
Har qanday nashriyot loyihada qatnasha oladimi?
Buning uchun alohida mezonlar mavjud. Loyihada ishtirok etish istagini bildirgan nashriyotlar oxirgi 3 yilda: nechta nomda kitob nashr qilgani; nechta nomda ilmiy-ommabop kitob chiqargani; nechta nomda tarjima (badiiy va nobadiiy) kitob chop etgani inobatga olinadi. Shuningdek, tajribali muharrirlarga ega, ingliz tilini biladigan muharrirlar bilan samarali ishlayotgan nashriyotlar hamkorlikda ustunlikka ega bo‘ladi.
Tarjima va matbaa sifati qanday ta’minlanadi?
Tarjima va nashr ishlari uchun yetarlicha tajribaga ega mutaxassislar va nashriyotlar jalb etiladi. Tarjima qilingan asar ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqilib, ijobiy xulosa olingandan so‘nggina chop etiladi. Loyihaning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi Loyiha ofisi mas’ullari tomonidan muntazam nazorat qilib boriladi.
Kitoblar bepul tarqatiladimi yoki sotuvga chiqariladimi?
Chop etilgan kitoblar Ekspertlar kengashi tavsiyasiga ko‘ra Yoshlar ishlari agentligi tomonidan axborot-kutubxona muassasalari, shu jumladan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining kutubxonalariga yetkaziladi. Kitoblarning elektron nusxalari kitobxonlar keng foydalanishi uchun mualliflik huquqi egasi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga va Fanlar Akademiyasi tizimidagi kutubxonalarga beg‘araz taqdim etiladi. Shuningdek, tarjima qilingan va chop etishga tayyorlangan kitoblarga doir huquqlar Yoshlar ishlari agentligi tasarrufida qoldiriladi hamda nashriyotlar ushbu kitoblarni kelgusida o‘z mablag‘lari hisobidan chop etishi va sotishi mumkin bo‘ladi.